Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulot va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bog‘liq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan, O‘zbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek:
- O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar ro‘yxati;
- Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim bo‘lgan xavfli mahsulotlar hamda chiqindilar ro‘yxati ham tasdiqlangan.
O‘zbekiston hududiga belgilangan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun olib kiruvchilar quyidagilarga ega bo‘lishi shart:
- chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan yoki ulardan takroriy foydalanadigan import qiluvchilar – chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki takroriy foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi bayonot loyihasi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga;
- chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizatsiya qilishi, qayta ishlash yoki ulardan takroriy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan import qiluvchilar – mazkur chiqindilarni topshirish yoki realizatsiya qilish yuzasidan chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
2024-yilning yanvarida O‘zbekiston hududiga 27 turdagi xavfli chiqindining olib kirilishi taqiqlangani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yo‘li bilan qabul qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)