Financial Times nashri manbalariga ko‘ra, milliarder Ilon Mask 2029-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlargacha Britaniya leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmerni lavozimidan chetlatmoqchi.
Ungacha Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi tajovuzkor postlaridan tashqari, amaliy harakatlarga o‘tib, Britaniya hukumatini “beqarorlashtirish” niyatida, deyiladi Financial Times’dagi maqolada.
“Ilon Mask G‘arb sivilizatsiyasining o‘zi xavf ostida, deb hisoblaydi”, dedi manbalardan biri gazetaga.
Mask, shuningdek, britaniyalik o‘ta o‘ngchilar yordamini olish yo‘llarini qidirmoqda. Xususan, uni “Reform UK” partiyasi qiziqtiryapti. Partiya yetakchisi Nayjel Faraj Brexit g‘oyasi mualliflaridan biri sifatida mashhur.
O‘tgan hafta Ilon Mask avval bosh prokuror bo‘lib ishlagan Kir Starmerni Buyuk Britaniyada jinoiy guruhlar tomonidan qizlarga nisbatan qilingan jinsiy zo‘ravonliklarni yashirganlikda ayblagandi.
Uning fikricha, hokimiyatdagi leyboristlar qizlarga nisbatan jinoyatlar Osiyo davlatlaridan kelgan odamlar tomonidan sodir etilganligini yashirgan. Starmer ayblovlarni rad etadi.
Bundan tashqari, Mask Nayjel Farajga ham qarshi chiqdi — u “Reform UK” partiyasiga yangi rahbar kerakligini aytdi. Maskning fikricha, Faraj partiyani boshqarish uchun “kerakli fazilatlarga ega emas”.
Nayjel Faraj Ilon Maskning o‘zi haqidagi so‘zlariga izoh berib, “hech qachon prinsiplaridan voz kechmasligi”ni aytgandi.
Izoh (0)