Avval Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” dam olish maskani hukumat qarori bilan Kasaba uyushmasi tasarrufiga o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024-yil 27-dekabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, ushbu dam olish masakani O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga topshirilgan dam olish zonalari va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ro‘yxatiga kiritildi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasiga mulk huquqi asosida o‘tkaziladigan bolalar dam olish oromgohlari va dam olish maskanlari ro‘yxati hukumatning 2023-yil 25-martdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan.
“Sijjak” dam olish maskani haqida
Ushbu dam olish maskani Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Sijjak mavzesidagi “Sarbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan maskan 2017-yilning 10-fevralida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgan. Keyinchalik musodara qilingan ushbu hashamatli qarorgoh ichidagi barcha jihozlari bilan O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga vaqtinchalik foydalanishga berilgan edi. Ammo oxir-oqibat ushbu dam olish maskanini ommaviy savdolar orqali shaffoflik prinsipi asosida sotuvga qo‘yishga qaror qilindi.
5,38 gektar hududni egallagan “Sijjak” 2021-yil aprelda, shuningdek, 2022-yilning aprel va oktabrlarida sotuvga qo‘yilgan, biroq obyekt sotilmagan edi. Uning hududida sport inshooti, mehmonxona, uchta suzish havzasi, amfiteatr, kottej va boshqa binolar mavjud. Obyekt 70 milliard so‘mga baholangandi.
Prezidentning 2023-yil 14-iyundagi farmoniga muvofiq “Sijjak” dam olish maskani xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarildi. U 124-maktab-internatning balansida saqlanib kelinayotgandi.
“Sijjak” dam olish maskani qanday ko‘rinishda?
Mazkur majmuaning umumiy yer maydoni 5,38 gektarni tashkil etadi. Bino va inshootlari esa 4 040 kvadrat metrdir. Oromgohda mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud.
Izoh (0)