AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden mudofaa byudjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qayd etilishicha, ushbu qonun o‘z biologik jinsini o‘zgartirishni xohlagan harbiy xizmatchilarning farzandlari davolanish xarajatlarini qoplashni taqiqlaydi.
Oq uy rahbari mazkur qoidaga shaxsan qarshi chiqdi, chunki uning ta’kidlashicha, mazkur qoida gender o‘ziga xosligiga ko‘ra muayyan odamlar guruhiga qarshi qaratilgan. Bayden “qonun loyihasi ota-onalarning o‘z farzandlari uchun eng yaxshi g‘amxo‘rlikni belgilash borasidagi vazifasiga aralashadi” deb hisoblaydi, deb yozadi Associated Press.
Baydenning ta’kidlashicha, “minglab harbiy xizmatchilarning farzandlarini tibbiy sug‘urtalashni rad etuvchi ushbu qoida AQSH Mudofaa vazirligining harbiylarni o‘z safida saqlab qolish imkoniyatiga putur yetkazadi”.
“Hech bir harbiy xizmatchi o‘z oilasi uchun tibbiy xizmatdan foydalanish va vatanga xizmat qilish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmasligi kerak”, dedi siyosatchi.
Hujjatning dastlabki versiyasiga respublikachi Mayk Jonsonning talabi bilan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni “bepushtlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan” jinsiy disforiyani davolashni taqiqlovchi qoida kiritilgan. AQSH Vakillar palatasida bu tadbir demokratlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi, biroq Senatda qonun loyihasi ko‘pchilik ovoz bilan (85 ga qarshi 14) qabul qilingan.
Pentagonning 2025-yil uchun xarajatlarini belgilaydigan yangi qonun, shuningdek, kichik serjantlarning maoshini 14,5 foizga oshirishni; Xitoyning o‘sib borayotgan qudratiga qarshi kurashish choralarini, xususan, Tayvanni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etishni; AQSH Mudofaa vazirligining rejalashtirilgan yillik harbiy xarajatlarini 895 milliard dollarga yetkazishni (joriy yildagidan 1 foiz ko‘p) nazarda tutadi.
Izoh (0)