O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish bo‘yicha AQSH bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 19-dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH Savdo vakili Ketrin Tay tegishli protokolni imzoladi.
“Bu yil bizning JSTga a’zo bo‘lish xarajatimizdagi tarixiy yil bo‘ldi, yil yakunida juda istiqbolli natijalarga erishildi”, deb yozdi Azizbek O‘runov.
AQSH Savdo vakili Ketrin Tayning bayonotida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarini e’tirof etgan. Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston 1994-yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan va 2020-yildan buyon bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda.
“O‘zbekistonning muzokaralarga jiddiy kirishgani so‘nggi ikki yilda, shu jumladan, ikki tomonlama muzokaralarimizning muvaffaqiyatli kechishida muhim omil bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
O‘zbekistoning JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998-yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2005-yillarning o‘rtalariga kelib bu borada xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar to‘xtab qolgandi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan rasman qayta tiklandi. Shundan so‘ng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2023-yil sentyabrida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagan. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirgandi.
2024-yil fevralida O‘zbekistonda 5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi.
Izoh (0)