Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi masalalarida amaliy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.
Ishchi guruh yig‘ilishlarini o‘tkazish, shuningdek, ushbu xalqaro tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan olib borilayotgan muzokaralar surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Milliy qonunchilikni JST meʼyorlari va qoidalariga uyg‘unlashtirish, jumladan, eksport subsidiyalarini bekor qilish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda.
Xalqaro savdoni tartibga solish masalalarida o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralarni yakunlash va yaqin yillarda O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston nima uchun JSTga aʼzo bo‘lishi kerak?
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998-yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2005-yillarning o‘rtalariga kelib bu borada xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar to‘xtab qolgandi.
2018-yili mustaqil ekspert, JST masalalari bo‘yicha huquqshunos Umida Haqnazar O‘zbekiston jahon savdo tashkilotiga kirishi xususida fikr bildirgan edi.
“Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish ham bu borada muhim ahamiyat kasb etib, ishlab chiqarishni rivojlantirishda, eksportni o‘stirish va kengaytirishda, bozor islohotlarini davom ettirish barqarorligini taʼminlashda yordam berishi mumkin. Texnik tartibga solish, bojxona maʼmuriyatchiligi, xizmat sohasidagi qonunchilik bo‘yicha institutsional islohotlar ishlab chiqarish, ilmiy-texnik rivojlanishning dunyo miqyosidagi jarayoniga integratsiyalashuv imkoniyatini tezlashtiradi va osonlashtiradi. Bu ishbilarmonlik va raqobat muhitining yanada yaxshilanishiga olib keladi. JSTga aʼzo bo‘lish alohida korxonalarga berilgan hammaga bir xil bo‘lmagan imtiyoz va tartiblarni bekor qilishni, korrupsiya darajasini kamaytirishni anglatadi. Xususiy sektor haqqoniy qoidalar bo‘yicha rivojlanadi”, degan edi u.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan rasman qayta tiklandi. Shundan so‘ng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2023-yil sentyabrida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagan. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirgandi.
2024-yilning fevralida O‘zbekistonda 5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirilishi aytilgan edi. May oyi oxirida O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi yuzasidan ishchi guruhning Jenevada bo‘lib o‘tgan sakkizinchi yig‘ilishida mamlakatning ushbu tashkilotga qo‘shilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlari yuqori baholagandi.
Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qilgan edi. Unda JSTning ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etilgan.
Shu kuni Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva “O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni” konferensiyasi doirasida JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashgandi. Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi davlat rahbari uchun o‘ta muhim ustuvor masala ekaniga alohida eʼtibor qaratilgan.
JSTning yettinchi bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala tashkilotga aʼzolik haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan edi:
JSTga aʼzo bo‘lishning ko‘plab afzalliklari bor. Mamlakat qilishi kerak bo‘lgan narsa – bor imkoniyatlardan foydalanish. Tashkilot aʼzolari dunyo savdosining 98 foizini qamrab oladi va siz unga aʼzo bo‘lish orqali boshqalar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. JSTga aʼzolik O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilariga jahon bozoriga chiqib, raqobatbardoshlikni oshirish imkoniyatlarini beradi. Tashkilotga aʼzo bo‘lgan mamlakatlar yuqoriroq iqtisodiy o‘sish surʼatlarini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi o‘n yilliklarda JSTga qo‘shilgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda. 2024-yil may oyida Jenevada JST aʼzolarini qiziqtirgan asosiy masalalar bo‘yicha muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazildi.
5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ko‘magida o‘tkazilgan yuqori darajadagi konferensiya prezident yordamchisi O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish yo‘lidagi shahdam qadamlari yana bir bor namoyon bo‘lganini qayd etdi.
Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 9-yig‘ilishi 2024-yilning 5-6-dekabr kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishini maʼlum qildi.
Izoh (0)