Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yangiyo‘l tumanida navbatdagi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, reyd davomida tumanning “Xalqabod” MFY, O‘zbekiston ko‘chasida 1 tup ko‘p yillik chinor daraxti tag qismidan kesilgani hamda yana 1 tup ko‘p yillik chinor daraxtiga qasddan shikast yetkazilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan tezkor surishtiruv o‘tkazilib, huquqbuzarlik Toshkent shahri Chilonzor tumani, Gavhar ko‘chasida yashovchi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilgani maʼlum bo‘ldi. U tabiatga 199 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
Hozirda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Bundan avval Xorazmda 4 tup pavlovniya daraxtini kesgan shaxs 27 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortilgandi. Shuningdek, Surxondaryoda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishda qariyb 9,5 ming tup daraxt ko‘chirilishi mumkinligi aytilgandi.
Izoh (0)