Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida 4 kishi is gazidan zaharlanib, vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
22-oktyabr kuni soat taxminan 09:30 larda Jalaquduq tumanidagi xonadonda yashovchi xonadon a’zolari uxlab yotgan vaqtida xonada bo‘lgan nosoz isitish moslamasi (kotyol)dan sizib chiqqan is gazidan zaharlangani aniqlangan.
Buning oqibatida 4 nafar fuqaro yashash xonadonida vafot etgan. Qolgan xonadon vakillari esa tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinib, yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga murojaat bilan chiqib, kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishda eʼtiborsizlik tufayli is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkinligini bildirib, bunday holatlarning oldini olish maqsadida tavsiyalar bergandi.
Izoh (0)