Xitoy raisi Si Szinpin armiyaning raketa qo‘shinlari brigadasiga tashrif buyurib, harbiylarni urushga tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda CCTV xabar berdi.
Si Szinpin harbiylar “urushga tayyorgarlikni har tomonlama kuchaytirishi va qo‘shinlarning ishonchli jangovar holatini ta’minlashi” zarurligini ta’kidladi. U Xitoy askarlari “o‘zining strategik tiyib turuvchi va jangovar qobiliyatlarini mustahkamlashi” lozimligini bildirdi.
Tegishli bayonotni Xitoy harbiylari Pekin o‘zining hududi deb hisoblaydigan Tayvan yaqinida keng ko‘lamli harbiy mashqlar o‘tkazganidan bir necha kun o‘tgach e’lon qildi.
Xitoy armiyasi 14-oktyabr kuni Tayvan atrofidagi suvlarda “Qo‘shma qilich — 2024B” harbiy mashqlarini o‘tkazdi. Katta polkovnik Li Sining aytishicha, bu mashqlar Tayvan mustaqilligiga intilayotgan “separatist kuchlar”ga qarshi “kuchli” to‘siq vazifasini bajarishi kerak edi.
Manyovrlarda harbiy-dengiz floti, harbiy-havo kuchlari, raketa qo‘shinlari va boshqalar qatnashgan. Tayvan hukumati Xitoyning harbiy mashg‘ulotlarini “provokatsiya” deb atagan. Mashg‘ulotlar davomida orolning havo hujumidan mudofaa hududiga 90 ta samolyot, vertolyot va dronlar kirgan.
Izoh (0)