Turkiyaning Malatya shahrida 16-oktyabr kuni 5,9 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda Turkiya hukumatining Tabiiy ofatlarning oldini olish va boshqarish boshqarmasi (AFAD) xabar berdi.
Seysmologlarning maʼlumotlariga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan 10:46 da qayd etilgan. Yer silkinish o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Zilzila Diyarbakir va Elazig kabi qo‘shni provinsiyalarda ham sezilgan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya tegishli idoralar joylarda tekshiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qildi. Jabrlanganlar va vayronagarchilik haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Zilzila tufayli Malatyadagi maktablarda darslar bir kunga bekor qilingan.
Takroriy silkinishlar ehtimoli sababli aholiga hushyorlikni saqlash va mahalliy hokimiyat ko‘rsatmalariga rioya qilish tavsiya etilgan.
Turkiyada 2023-yil 6-fevral kuni Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soat farq bilan sodir bo‘lgandi. Turkiya hukumati zilzilalarni “asr falokati” deb atagan. Zilzila oqibatida 53 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 107 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
17-avgust kuni turkiyalik yetakchi seysmolog Naji Geryur Istanbulda 7 va undan yuqori magnitudali zilzila ehtimoli 60 foizdan oshishini aytgandi.
Izoh (0)