Toshkentning Bektemir tumanidan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik rahbariyati hamda Turkiyaning Onur Group kompaniyasining Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar bo‘yicha direktori Bulent Tatar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik sohasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, jumladan, avtomobil yo‘llari, tunnellar qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan erishilgan kelishuvlar e’tirof etilib, mazkur sohadagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi va qayd etilgan yo‘nalishlarda mavjud loyihalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida 4R12 Bektemir—Chirchiq—G‘azalkent—Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining 6–77 kilometr qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pulli yo‘lga o‘tkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvdan bir necha kun avval loyiha Onur Group kompaniyasi ekspertlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Onur Group — 1981-yilda tashkil etilgan. Turkiya, Ukraina, Xorvatiya, Tunis, Moldova, Saudiya Arabistoni Qirolligi, Ummon Sultonligi, Qatar, Ekvatorial Gvineya va Turkmaniston kabi 13 davlatda qurilish sohasida, xususan, ko‘prik, tunnel, to‘g‘on, aeroport, tramvay va temiryo‘llar qurilishi, shuningdek, shahar infratuzilmasi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezident qarori bilan yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 kilometr zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish belgilangan. Shu jumladan Toshkent—Samarqand yo‘lini qurish ishlari 2024-yilda, Toshkent—Andijon yo‘lini qurish ishlari esa 2026-yilda boshlanadi.
Izoh (0)