“An-Nassr”ning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldu ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 1 milliardga yetganini ma’lum qildi. U tarixda birinchi bo‘lib bu natijaga erishdi.
“Biz tarix yaratdik — 1 milliard obunachi! Bu shunchaki raqam emas — bu bizning umumiy ishtiyoqimiz, o‘yinga va undan tashqaridagi muhabbatimizdan dalolat beradi.
Madeyra ko‘chalaridan tortib, dunyodagi eng katta maydonlarigacha men har doim oilam va siz uchun o‘ynaganman va hozir biz 1 milliardmiz. Menga ishonganingiz, qo‘llab-quvvatlaganingiz va hayotimning bir qismi bo‘lganingiz uchun tashakkur. Eng yaxshilari hali oldinda, biz birgalikda g‘alaba qozonamiz va tarix yozamiz”, deb yozdi Ronaldu ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Futbolchining muxlislari uni asosan Instagram ijtimoiy orqali kuzatadi. Ushbu ijtimoiy tarmoq orqali kuzatuvchilar soni bo‘yicha ham portugaliyalik yetakchilardan: 638 million kishi futbolchining sahifasiga obuna bo‘lgan.
Ronalduning Saudiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2025-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Futbolchining transfer qiymati 15 million yevroga baholanmoqda. Bu mavsumda portugaliyalik hujumchi barcha turnirlarda to‘rtta o‘yinda qatnashib, to‘rtta gol va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
Krishtianu Ronaldu 2 oy oldin YouTube’da o‘z kanalini ochdi va qisqa vaqt ichida bir nechta rekordlarni qayd etdi. Ushbu kanalni hozirda 60 milliondan ortiq kishi kuzatadi.
Ronaldu 2025-yil fevralida 40 yoshga to‘ladi, u besh karra “Oltin to‘p” sohibi va jahon futboli tarixidagi rasmiy o‘yinlardagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Portugaliyalik futbolchi 900-golga erishgan birinchi futbolchi bo‘ldi.
Izoh (0)