Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy 5—6-sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Komissar Voytsexovskiy tashrifi davomida “Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumni ochilish marosimida nutq so‘zlaydi. U bunday mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini boshqarish usullari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining sa’y-harakatlari haqida ma’lumot beradi.
Komissar hukumat vakillari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Unda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-sotiq istiqbollari va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
“O‘zaro manfaatlarni aks ettiruvchi sohalarga alohida e’tibor qaratiladi, bu ham Yevropa Ittifoqi hamda O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasi va boshqa masalalar bo‘yicha munosabatlarni chuqurlashtirish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)