Jizzax viloyati Zomin tumanidagi dehqon xo‘jaligi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “S.R.” fermer xo‘jaligi rahbari X.N. xo‘jalikka tegishli yer maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan suv nasosini tarmoqqa o‘rnatilgan hisobga olish uskunasini ulanish sxemalarini o‘zgartirish yo‘li bilan tashqi ta’sir ko‘rsatib, ulab olgan.
Buning natijasida jami 1 milliard 395 million so‘mlik 622,6 ming kVt soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.
Mazkur holat yuzasidan “S.R.” fermer xo‘jaligi rahbari X.N. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Ushbu moddada belgilangan jinoyatni sodir qilganlarga nisbatan kodeksda 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)