Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris shtatlarda aholi orasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublikachi raqibi Donald Trampni ortda qoldirdi. Buni Cook Political Report siyosiy axborotnomasi o‘tkazgan so‘rov natijalari tasdiqlamoqda.

Tadqiqotga ko‘ra, Harris Pensilvaniya, Viskonsin, Arizona, Michigan va Shimoliy Karolina shtatlarida Trampdan ustunlikka ega. Nevada shtatida respublikachi yetakchilik qilmoqda, Jorjiya shtatida esa har ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlash darajasi bir xil.
Qayd etilishicha, Harris umumiy hisobda Trampdan 2 foizlik ustunlikni saqlab turibdi – respondentlarning 46 foizi uni qo‘llab-quvvatlashga, 44 foizi esa raqibini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Respondentlarning yana 5 foizi mustaqil nomzod kichik Robert Kennedi uchun ovoz berish niyatida.
Tahlilchilarning fikricha, Harrisning mavqeyi “uning atrofida demokratlarning to‘planishi va mustaqil saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashi” tufayli mustahkamlangan.
So‘rovnoma 26-iyuldan 2-avgustgacha yetti shtatdagi 2800 dan ortiq saylovchi o‘rtasida o‘tkazilgan.
Izoh (0)