Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudi 15-avgust kuni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqdagi ma’lumot Oliy sud portalida keltirilgan.
Unda qayd etilishicha, sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, “v” bandi, 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Jinoyat ishi doirasida tadbirkorlar Orzubek Rajabov va Alisher O‘runboyev ham sudlanuvchi hisoblanadi.
2022-yil avgust oyidan qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelgan Aziz Voitov prezidentning tegishli qarori bilan 2023-yilning 25-oktyabrida lavozimidan olingandi. U iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish doirasida 2023-yilning dekabrida qamoqqa olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Izoh (0)