Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi Barkamol avlod bolalar maktabi direktori vazifasida ishlab kelgan ayol Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tuman sudi hukmiga ko‘ra, 6 yil-u ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bu haqdagi sud hukmi 2024-yilning 6-avgust kuni e’lon qilingan.
Sudlanuvchi I.X. 2022-yil 2-iyundan boshlab Ko‘kdala tumanidagi Barkamol avlod bolalar maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan bo‘lib, Qarshi tumanidagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishonchiga kirib, ta’lim sohasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali uni Yakkabog‘ tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirligiga o‘tkazishni va’da qilgan. Evaziga 55 ming dollar berishi kerakligini aytib, oldindan 30 ming dollarni olgan paytda qo‘lga olingan.
U shuningdek, direktor o‘rinbosariga 300 dollar evaziga Best Publication ilmiy tadqiqotlar hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazining “Eng yaxshi xizmatlari uchun” esdalik nishonini ham olib bergan.
2024-yil 11-fevral kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Sayyor” kafesida qo‘lga olingan direktorga 2024-yilning 6-avgust kuni hukm o‘qildi.
Izoh (0)