Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu 5-avgust kuni Eron poytaxti Tehronga kelgan. Bu haqda Rossiyaning “Interfax” nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, tashrifdan maqsad Eron rahbariyati, jumladan, yangi saylangan prezident Masʼud Pezeshkiyon bilan muzokaralar olib borishdir. Ikki tomonlama uchrashuvlarda xavfsizlikka oid muhim kelishuvlarga erishilishi xabar berilgan.
Tashrif Falastinning HAMAS guruhi rahbari Ismoil Haniya o‘tgan hafta Tehronda o‘ldirilganidan so‘ng keng mintaqaviy urush qo‘rquvi ostida Yaqin Sharqda keskinlik kuzatilayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Shu boisdan ham G‘arb nashrlari bu tashrifni “strategik” deb atagan.
Eron Ismoil Haniya o‘limida Isroilni ayblagan. Bu harakat uchun tez orada munosib javob qaytarilishi maʼlum qilingan.
Bir qator tahlilchilar Eronga Rossiya oliy vakili tashrifi yangi qurol-yarog‘ bitimini anglatishi mumkinligini bildirgan. Ayni keskinlik davrida esa Eronga bunday bitim nihoyatda zarur.
Shoyguning Eronga tashrifi haqidagi to‘liq tafsilotlarni Moskva hozircha oshkor etmagan. Yaqin fursatlarda kelishuvlar yuzasidan bayonot berilishi aytilgan.
Izoh (0)