Toshkent shahrida fuqarolarni Yevropa davlatlariga noqonuniy yo‘llar bilan ishga yuborishni vaʼda qilgan MCHJ rahbari ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “Ch.g” MCHJ rahbari G‘.K. (muqaddam sudlangan) fuqaro B.R. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularga soxta sertifikat va diplom tayyorlab berish orqali Yevropa davlatlariga ishga yuborishni vaʼda qilib, evaziga B.R.dan 4,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, MCHJ rahbari G‘.K. fuqaro U.T. va boshqalarni aldab, ularni chet elga ishga yuborishi evaziga 25,8 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani, shuningdek, besh nafar fuqaroning nomiga “H-W.” MCHJda turli kasblarga o‘qigani to‘g‘risida soxta sertifikatlar tayyorlab qo‘ygani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
AQSHga noqonuniy borish
AQSH—Meksika chegarasi orqali Amerikaga kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolariga 2023-yilning noyabrida ogohlantirish e’lon qilinib, unda noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQSHga qo‘yib yuborilmasligi, immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanishi ma’lum qilingandi.
O‘sha yilning dekabrida AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan edi. 2024-yil mart oyida esa yana 74 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy migratsiya xavfli va serxarajat urinish ekanini bildirib, O‘zbekiston fuqarolarini odamlarni tovar sifatida ko‘radigan jinoiy guruhlarning yolg‘on vaʼdalariga ishonib, jabrdiyda bo‘lishdan ogohlantirdi.
Izoh (0)