“Tashabbusli byudjet” jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Oliy Majlis Senati kengashi qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, majburiy ovoz to‘plashga jalb qilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilishi belgilanmoqda. Jumladan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ovoz berish jarayonlarida byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish holatlarini qayd etish bo‘yicha “qaynoq liniya” qisqa raqamini ishga tushiradi.
Ovoz berish jarayoni davomida fuqarolar tomonidan shikoyatlar kelib tushsa, tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma yuborilishi hamda holat o‘z tasdig‘ini topganda majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilishi belgilandi.
Shuningdek, majburiy ovoz berishga jalb etish holatlarini oldini olish maqsadida ovoz berish bosqichi muddati 10 kunga kamaytirildi.
Barcha mahallalar uchun g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida tashabbusli byudjet doirasida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar (tashkilotlar) uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi.
Loyihalarning amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borish va monitoringini kuchaytirish maqsadida “Ochiq byudjet” axborot portalida sayyor monitoring bo‘limi ishga tushiriladi.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 30-iyuldagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga “Tashabbusli byudjet asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va ularning natijadorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” yuborilgan parlament so‘rovi javobi ko‘rib chiqilgandi.
Majlisda keng jamoatchilik va deputatlarning takliflarini inobatga olib amaldagi tartibga bir qatori o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ma’lum qilingandi.
Izoh (0)