“Xavf chegarasi”, “Edison”, “Milliarderlar klubi” va boshqa ko‘plab filmlarda ishtirok etgan 64 yoshli aktyor Kevin Speysining uyi ochiq kimoshdi savdosida 3,24 million dollarga sotildi, deya xabar bermoqda “Pravila jizni” nashri.
Harborvyu hududida joylashgan besh qavatli uyning maydoni 836 metr kvadratni tashkil qiladi. Xonadonda oltita yotoqxona, yettita hammom, sauna, kinoteatr va eng yuqori qavatida maxsus terrasa mavjud.
Auksion taxminan 10 daqiqa davom etdi va ko‘chmas mulk mahalliy qurilish kompaniyasi rahbari tomonidan sotib olindi. Mazkur lot xaridi Baltimor sudi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.
“Hududdagi hech qaysi binoni ushbu ko‘chmas mulk bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Xonadon joylashuv jihatdan juda qulaydir”, — dedi auksion g‘olibining vakili.
2017-yilda Kevin Speysi Entoni Reppga nisbatan zo‘ravonlik va ta’qib qilganlikda ayblandi. Natijada ikki karra “Oskar” sovrindoriga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bir necha sudlovlardan keyin, 2022-yilda Nyu Yorkdagi hakamlar hay’ati Kevin Speysini aybsiz deb topdi, biroq sud xarajatlarini qoplash uchun millionlab qarzga botgan aktyor o‘z uyini sotishga majbur bo‘ldi.
Ikki yil davomida qarzlarni undirib beruvchi kollektorlik kompaniya binoni musodara qilishga harakat qildi, ko‘chmas mulkni sotish huquqi esa keyinroq berildi.
“Sud tomonidan menga tayinlangan xarajatlarni to‘lay olmayman”, deya tan olgan edi Speysi Pirs Morganga bergan intervyusida. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, endilikda Kevin boshpanasiz qolgan va qayerda yashashni bilmaydi.
Izoh (0)