Rossiya armiyasi 23-iyul kuni “Yars” ballistik raketalari ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar boshlagan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu maʼlumotni tasdiqlagan. Mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar intensiv manyovr harakatlarini amalga oshirayotgani, jumladan, o‘rmon zonalarida ballistik raketalar o‘rnatmalarining yashirinligini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajarish tadbirlari o‘tkazilayotgani xabar qilingan.
Manbada aytilishicha, “Yars” qitʼalararo ballistik raketalari yadroviy yuk va kallakni tashishga qodir o‘ta o‘g‘ir qurol hisoblanadi. U 10 ming kilometrdan uzoq masofalarga uchib, o‘ta aniqlikda zarba bera oladi.
Hozirgi o‘tkazilayotgan mashqlar umumiy harbiy mashg‘ulot kompaniyasining ikkinchi bosqichi ekanligi aytilgan. Birinchi bosqich tadbirlar joriy yilning 5-iyul kuni o‘tkazilgan edi.
So‘nggi paytlarda Rossiya yadro qurolidan foydalanish bilan bog‘liq harbiy mashg‘ulotlar sonini nisbatan ko‘paytirgan. Ularning ayrimlarida qo‘shni Belarus harbiylari ham ishtirok etgan. Bu kabi tadbirlar G‘arbning eʼtirozi va xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.
O‘tgan oyda Rossiya va Belarus o‘rtasidagi qo‘shma nostrategik yadroviy mashg‘ulotlar NATO chegarasi va Polsha yaqinida amalga oshirilgan edi. NATO rahbariyati bu harakatni keskin provokatsiya deb baholab, Rossiyani mashqlarni to‘xtatishga chaqirgan.
Izoh (0)