Senat navbatdagi yalpi majlisda ko‘rilishi rejalashtirilgan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunini dastlabki tarzda muhokama qildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga:
- dafn etish uchun nafaqani berish;
- xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash;
- fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Izoh (0)