Toshkent viloyatida artizan quduqlarini qazish uchun ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “O.D.” fermer xo‘jaligi rahbari S.U. va “E.B.” MCHJ masʼul shaxslari o‘zaro til biriktirib, tijorat banki filialidan ajratilgan 600 million so‘m kredit mablag‘ini pudratchi “E.B.” MCHJga artizan quduqlarini qazish uchun o‘tkazishga erishib, amalda 1 dona artizan qudug‘ini qazish ishlarini qisman bajargani aniqlangan. Ular kredit mablag‘larini pudratchining hisob-raqamidan naqdlashtirib olib, talon-toroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi va nafaqa pullarining 3,7 mlrd so‘mi talon-toroj qilingani aniqlangani, Sirdaryoda bog‘cha rekonstruksiyasi uchun ajratilgan imtiyozli kreditning bir qismi talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)