Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni Eron Islom Respublikasining yangi saylangan prezidenti Masʼud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Masʼud Pezeshkiyonni bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy qutlab, masʼuliyatli davlat lavozimida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiya va transport sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Avval erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)