Sudan janubi-sharqida davom etayotgan qurolli harakatlar oqibatida 136 mingdan ortiq fuqaro turar joylarini tashlab ketgan. Bu haqda mamlakat mahalliy manbalariga tayanib, Arab News nashri xabar berdi.
Aholining ommaviy ko‘chishi Sennar shtatida yuz bergan. Qurolli guruhlarning tinch aholiga hujumlari ko‘payishi ortidan fuqarolar butun shtat hududini tark eta boshlagan.
So‘nggi haftada Sennar shtatiga harbiylashtirilgan Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari guruhi hujumlari kuchaygan. Viloyatni qo‘riqlab turgan milliy armiya qismlari g‘arbga chekingan.
Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlarining Sennar shtatiga hujumi 24-iyun kuni boshlangan. Askarlar hudud markaziy shahrini ishg‘ol qilishga urinishgan. Reja amalga oshmagach, shtat janubidagi Sinja va Al-Dinder hududlariga zarba berish boshlangan.
Sennardan qochgan 136 ming aholi hozirda Ko‘k Nil va Al-Geradef shtatlarida to‘plangan. Mamlakatdagi tartibsizlik hamda og‘ir ijtimoiy vaziyat tufayli ularga hukumat yordamini ko‘rsatish imkonsiz.
Sudanning ko‘plab rasmiylari Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlarini bosib olingan hududlarda “etnik tozalash” o‘tkazishda ayblagan. BMT vakillik muassasalari ham qurolli guruhdan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni so‘ragan.
Sudanda ikki harbiy tuzilma o‘rtasida keskinlik boshlanganidan beri o‘z hududlarini tashlab ketgan fuqarolar soni 10 millionga yetgan. Eng yirik janglar Shimoliy Darfur shtatidagi Al-Fashir shahrida kuzatilgan. Xalqaro tashkilotlarning bir qancha qatʼiy rezolyutsiyalariga qaramay Sudanda urush davom etmoqda.
Izoh (0)