Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Tegishli qaror SHHTga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining Ostonadagi yig‘ilishida imzolandi. Bu haqda Belta xabar berdi.
Belarus shu tariqa “SHHT oilasi”ning to‘liq huquqli, o‘ninchi a’zosiga aylandi. Tashkilotda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston ham xuddi shunday maqomga ega.
“Belarusning Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli aʼzoligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi, muhtaram Aleksandr Grigoryevich, bugun Belarus tarixida yorqin sahifa bo‘lishiga ishonchim komil”, — dedi sammitga raislik qilgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
U Belarus SHHT makonida xavfsizlikni mustahkamlashga o‘zining muhim hissasini qo‘shishiga ishonch bildirgan. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bu kun mamlakat tarixida qolishini ta’kidlagan.
“Muvaffaqiyatli raisligingiz tufayli bu kun Belarus tarixiga mamlakatimiz Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan sana sifatida kiradi”, — degan u To‘qayevga.
Izoh (0)