Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi 22 gektar yerda somonpoya qoldiqlari yoqib yuborildi.
Holat viloyat ekologiya boshqarmasi hamda Quyi Chirchiq tumani bo‘limi inspektorlari bilan birgalikda o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida aniqlangan. Tumanning “Mingchinor” MFY, O‘zbekiston hududida Tct Agro Cluster MCHJga qarashli g‘alladan bo‘shagan 22 gektar yer maydonidagi somonpoya qoldiqlari yoqilgan.
Oqibatda tabiatga 30 397 804 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hozirda to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda qonuniy qaror chiqarish maqsadida sud organiga yuborilmoqda.
Ekoqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, somonpoya qoldiqlari yoqilishi nafaqat tabiatga, balki inson salomatligi bilan bir qatorda iqtisodiyotga ham jiddiy zarar yetkazadi. Chunki bunday yerlarda tuproq strukturasining buzilishi hamda yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayishiga olib keladi.
Izoh (0)