Toshkent viloyati IIBB Bekobod shahrida ichki ishlar idorasiga olib ketilgan fuqarolardan biri vafot etgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Bekobod shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “e, k, l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Y.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun yuborilgan.
19-iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Y.ning akalari 43 yoshli D.Y. va 46 yoshli D.Y. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘tarishgani oqibatida jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.
Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan. IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqaro D.Y. sog‘ligi yomonlashib hushini yo‘qotgan.
Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borganlar. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Y. vafot etgani aniqlangan.
Hozirda fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surushtiruv ishlari olib borilmoqda. STE xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi ichki ishlar binosida o‘g‘rilikda gumonlanib, kaltaklangan, qiynoqqa solingan 36 yoshli Usmon Salimboyev ko‘p o‘tmay vafot etgani xabar berilgandi. Keyinroq holat bo‘yicha Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i, uning ikki xodimi va “uchastkavoy”ga sud hukmi o‘qilgan edi.
Izoh (0)