Armaniston Falastin davlatini rasman tan oldi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, G‘azodagi halokatli gumanitar vaziyat va davom etayotgan harbiy mojaro xalqaro siyosiy kun tartibidagi eng ustuvor muammolardan biri bo‘lib, hal etilishi lozim.
“Armaniston fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinishi, tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik va qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida tinch aholining garovga va asirga olinishini keskin qoralaydi hamda xalqaro hamjamiyatning ularni hech qanday shartlarsiz ozod etish talablariga qo‘shiladi”, — deyiladi bayonotda.
Armaniston BMT Bosh assambleyasining G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyalariga qo‘shilgan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda va xalqaro huquq hamda xalqlar tengligi, suverenitet va tinch-totuv yashash tamoyillariga sodiqligini tasdiqlagan holda, Armaniston respublikasi Falastin davlatini tan oladi”, — deydi vazirlik.
22-may kuni Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya Falastin davlatini tan olganliklarini e’lon qilgandi. 5-iyun kuni Sloveniya ham xuddi shunday qaror qabul qildi.
Izoh (0)