Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 19-iyun kuni jamoat joyida yuzini tanib bo‘lmas darajada yopib yurgan yigit ushlandi.
Qayd etilishicha, “Chorsu” bozori oldida qora ro‘mol kiygan, ayol ko‘rinishidagi shaxs o‘z harakati orqali shubha uyg‘otgani uchun tuman IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. So‘ng shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga olib borilgan.
“Gazeta.uz”ning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasiga tayanib yozishicha, tekshiruv vaqtida ushbu shaxs Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi 22 yoshli B.P. (erkak) ekani aniqlangan.
U IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda qonuniy talabga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan. Surishtiruv davomida fuqaro vaqti-vaqti bilan burqa-hijob o‘rab yurishi aniqlandi, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan yigitga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194- (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 195- (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 184−4-moddalari (jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish)ga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil sentyabrda O‘zbekistonda jamoat joylarida yuzini to‘sib yurishni taqiqlovchi qonun Senat tomonidan ma’qullangandi. 31-oktyabr kuni prezident ushbu qonunni imzolagan. Qonun bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan edi.
Unga ko‘ra, Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Izoh (0)