Janubiy Koreya Rossiya va KXDR keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzganidan keyin Ukrainaga halokatli qurollar yetkazib berish imkoniyatini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti devoniga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
Biz Ukrainaga qurol-yarog‘ bilan yordam berish masalasini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqdamiz, — dedi prezident ma’muriyati Milliy xavfsizlik boshqarmasi direktori Chan Xo Jin.
Rossiya va KXDR o‘rtasidagi yangi shartnoma bo‘yicha Janubiy Koreya hukumatining pozitsiyasini e’lon qilar ekan, u Seul Pxenyandagi Rossiya-Shimoliy Koreya maslahatlashuvlari tafsilotlarini hozircha bilmasligini va taqdim etilgan pozitsiya faqat bayonot matniga asoslanganligini ta’kidlagan.
Avvalroq Janubiy Koreya Kiyevga halokatli qurol yetkazib berishning iloji yo‘q degan pozitsiyaga amal qilgan, biroq Ukrainaga halokatli bo‘lmagan harbiy, iqtisodiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishda davom etgan.
Nashrga ko‘ra, Seul jiddiy xavotir bildirgan va tomonlardan biriga qurolli hujum sodir etilgan taqdirda barcha mavjud vositalar yordamida o‘zaro harbiy va boshqa yordam ko‘rsatish qoidalarini o‘z ichiga olgan yangi Rossiya-Shimoliy Koreya shartnomasini qoralagan.
Janubiy Koreya bu kelishuvning tuzilishi mohiyatan Pxenyan va Moskva o‘rtasida harbiy ittifoq tuzish ekanini ta’kidlagan.
Izoh (0)