Navoiy viloyatida marmar va ohaktoshlarni noqonuniy qazib olish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning G‘ozg‘on shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “M.S.” MCHJ masʼul shaxslari “Marmarobod” MFY hududidagi marmar konidan tegishli ruxsatnoma olmasdan 3 020 kub hajmdagi marmar toshlarni noqonuniy ravishda qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 694,8 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Karmana tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “N.G.” MCHJ masʼul shaxslari “Turatau-2” konidan MCHJ belgilangan hududdan tashqarida 3 178 kub hajmdagi ohaktoshni o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 143 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqandda marmarni noqonuniy qazib olganlar davlatga 5 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)