Shekspir repertuarining ustasi, “G‘aroyib odamlar” filmida mutant Magneto va “Uzuklar hukmdori” trilogiyasida Gendalf obrazi bilan mashhurlik qozongan aktyor Ien Makkellen London markaziy teatrida spektakl sahnasidan yiqilib, kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda BBC xabarlariga tayanib Pravila Jizni xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 85 yoshli britaniyalik aktyor mushtlashuv sahnasini ijro etish vaqtida muvozanatni yo‘qotib, yiqilgan. U Noel Kauard teatrida “Player Kings” spektaklida ishtirok etayotgan bo‘lgan.
Mazkur holat guvohlari SkyNews’ga aytishicha, aktyor birinchi qatorda o‘tirgan auditoriya yoniga tushib ketgan.
“Makkellen mikrofoni yoniq bo‘lgani uchun yordam so‘rab qichqirgani barchaga eshitildi”, — dedi tomoshabinlardan biri.
Aktyorni tibbiyot nosilkasida olib ketishdi. Teatr ma’muriyati tomoshabinlardan teatr binosini tark etishni so‘rashdi va chiptalar uchun to‘langan pul tez orada qaytarilishini va’da qilishdi.
Aktyorning qanday jarohat olgani ma’lum emas. Teatr vakillari aktyorning kayfiyati yaxshi ekanini va tez orada sog‘ayib, keyingi hafta sahnaga qaytishini ma’lum qildi.
Izoh (0)