Qirg‘izistonning Bishkek va Chuy viloyatida ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorlari qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Islomiy davlat mafkurasini faol targ‘ib qilayotgan, yoshlarni yollayotgan, terrorchilik xarakteridagi foto va videomateriallarni tarqatayotgan yashirin radikal guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Jami 15 kishi hibsga olingan, ularning uylaridan katta miqdordagi diniy adabiyotlar topilgan. Mazkur holat yuzasidan ekspertiza tayinlandi, — deyiladi xabarda.
Hibsga olinganlardan biri ijtimoiy tarmoq orqali Afg‘onistondagi ISHID a’zosining ko‘rsatmalariga amal qilib, yangi tarafdorlarni jalb qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tarqatilgan foto va video materiallarda terrorchilik faoliyatiga ommaviy da’vat, milliy, irqiy, etnik, diniy yoki mintaqalararo adovatni qo‘zg‘atish hamda konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga da’vat etuvchi belgilar mavjud. Shuningdek, o‘qotar va sovuq qurollardan foydalanish, qo‘lbola portlovchi qurilmalar yasash bo‘yicha o‘quv videofilmlari aniqlangan.
Izoh (0)