Xorazm milliy tabiat bog‘i inspektori Amurbek O’rinovga xizmat vaqtida tan jarohati yetkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hududda 2024-yil bahorida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan 3 ming tup gujum ko‘chatlari nobud bo‘lish holatiga kelib qolgan. Bunga milliy tabiat bog‘iga tutash hududda “Amudaryo oltin baliq” fermer xo‘jaligi tomonidan ajratilgan yer maydonidan tashqariga chiqib, gujum ko‘chatlari ekilgan joyga sholi ekish maqsadida maydon chetidagi katta himoya chegaralari buzib tashlangani va suv ochib yuborilgani sabab bo‘lgan. Buning oqibatida gujum ko‘chatlari bir necha kundan buyon suv ostida qolib ketgan. Xorazm milliy tabiat bog‘i maʼmuriyati tomonidan fermer xo‘jaligiga 1 kun muddatda suv chiqarib yuborilmasa, 3 mingdan ziyod ko‘chat nobud bo‘lishi va bu maʼmuriy javobgarlikka tortilishi yuzasidan ogohlantirish xati berilgan.
Ammo fermer xo’jaligi rahbari A.O‘. bu ogohlantirishga parvo qilmasdan, 4-iyun kuni kechqurun soat tungi 00:00 lar atrofida bog‘ hududiga suv ochish maqsadida kirgan. Shu paytda uni inspektor payqab qolgan va huquqbuzarlikni bartaraf qilishga uringan. Lekin mast holatda bo‘lgan A.O‘. inspektorga qarshilik ko‘rsatgan va uni do‘pposlab, tan jarohati yetkazgan.
Inspektor Yangibozor tuman tez tibbiy yordam muassasasiga yotqizilgan. Ayni damga kerakli muolajalar ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Yangibozor tuman Xorazm viloyati IIB Yangibozor tumani bo‘limiga qonuniy chora ko‘rish uchun yuborilgan.
Ma’lumot uchun, “Amudaryo oltin baliq” fermer xo‘jaligi rahbari A.O‘. bundan oldin ham Xorazm milliy tabiat bog‘i hududida huquqbuzarlik sodir etgan va sud tomonidan tegishli jazoga tortilgan.
May boshlarida Toshkent viloyatida ekologiya inspektorlari brakonyerlar hujumiga uchragandi. O‘shanda Bosh prokuratura holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra huquqiy baho berilishi maʼlum qilingan edi.
Izoh (0)