Turkiyada 4-iyun kuni o‘quv harbiy samolyoti halokatga uchrashi oqibatida 2 nafar uchuvchi halok bo‘lgan. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligi hisobotiga asoslanib, Anadolu nashri xabar berdi.
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi maʼlum qilishicha, halokatga uchragan texnika SF-260D tipidagi samolyot bo‘lgan. U Kayseri shahridagi 12-havo transporti bazasidan yo‘lga chiqqan. Parvozdan bir qancha muddat o‘tgach, nomaʼlum sababga ko‘ra qulab tushgan.
Nazoratni yo‘qotgan samolyot qishloq xo‘jaligi dalasiga kelib tushgan. Portlash yuz berib, uchuvchilar halok bo‘lgan.
Rasmiylar hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari boshlanganini maʼlum qilishgan. Baxtsiz hodisa sabablarini aniqlash uchun parchalanib ketgan samolyotning qismlarini to‘plashga kirishilgan.
Samolyot halokati haqida dastlab mahalliy aholi vakillari xabar bergan. Portlashdan so‘ng ko‘tarilgan qora tutun tufayli halokat joyini aniqlash qiyinchilik tug‘dirmagan.
Izoh (0)