O‘zbekistonda so‘nggi 1 oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga 67 milliard 825 million so‘mlik zarar yetkazildi. Bu haqda Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda may oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 971 ta holatda isteʼmolchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Bunda 39 milliard 332 million so‘mlik elektr energiyasi (46 million 264 ming kilovatt-soat) va 28 milliard 492 million so‘mlik tabiiy gaz (18 million 124 ming metr kub) talon-toroj qilinishi natijasida davlat manfaatlariga jami 67 milliard 825 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
Aprel oyida ushbu ko‘rsatkich 58,8 milliard so‘mni tashkil etgandi. Bir oy davomida noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Izoh (0)