“Daryo” nashriga Toshkent shahri Yashnobod tumani 153-maktab oldidagi daraxtlar kesib tashlangani haqida murojaat kelib tushgan edi. Yuborilgan fotosuratlardan ayon bo‘ladiki, bir-nechta daraxtlar tagidan kesib tashlangan.
Holat yuzasidan, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilinishicha haqiqatan ham 2 tup daraxt kesilgan va 10 tup daraxt tepa qismidan butalangan.
Ko‘rsatilgan manzildagi daraxtlar Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Yashnobod tumani inspektorlari tomonidan joyga chiqib o‘rganish ishlari olib borilganda, tabiiy omillar va zararkunandalar — “shahar mo‘ylovdori” qurti bilan zararlangani va qurigani aniqlangan, — deyiladi boshqarma axborotida.
Yuqoridagi holat “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasiga (daraxtlar va butalarni kesish) asosan sanitariya maqsadida kesilgan.
Ma’lumot uchun, 37-modda— daraxtlar va butalarni kesish
Davlat o‘rmon fondi yerlaridagi daraxtlar va butalarni kesish o‘rmonni parvarish qilish uchun kesish qoidalariga muvofiq, o‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalari hisobga olingan holda berilgan o‘rmon biletlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida kesish hamda binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq holda kesish tartibida, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari bilan kelishilgan qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.
Tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek insonning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlar va butalarni kesish mahalliy davlat hokimiyati organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari bilan kelishilgan qaroriga ko‘ra haq to‘lamasdan amalga oshiriladi.
Izoh (0)