Moskva Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun ochiqligicha qolmoqda. Bu haqda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov ma’lum qildi.
Biz bir necha bor, jumladan, yuqori darajada ham, Rossiya muzokaralar uchun ochiqligicha qolayotganini aytdik, — dedi Lavrov “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni sulhni emas, tinchlikni nazarda tutmoqda. Rossiyalik diplomatga ko‘ra, Ukraina mojarosi doirasida Kiyevga pauza berishdan maʼno yo‘q, u bundan “qo‘shinlarni qayta to‘plash, shuningdek, Ukraina armiyasini qurol va o‘q-dorilar bilan taʼminlash uchun foydalanadi”.
Bungacha Lavrov Ukrainadagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishni nazariy jihatdan yaqinlashtirish mumkin deb hisoblagan. U, shuningdek, Ukraina hozirda Rossiyani jang maydonida mag‘lub etishga intilayotgan “urush partiyasi” tomonidan boshqarilayotgani va bunday sharoitda Kiyev bilan muloqotni tasavvur qilish qiyinligini ta’kidlagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat Istanbuldagi muzokaralar asosidagi muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini doimo ta’kidlagan. Putinning qayd etishicha, agar Kiyevning g‘arbiy “kuratorlari” muzokaralarni to‘xtatishni buyurmaganida, janglar bir yarim yil avval yakunlangan bo‘lardi.
Izoh (0)