AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp katta yuridik xarajatlarni qoplash uchun samolyotni sotishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Federal aviatsiya boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, The Guardian xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp endi qiymati taxminan 10 million dollar bo‘lgan Citation X xususiy samolyotining egasi emas. Siyosatchi o‘zining superjetini Dallasda ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanuvchi kelib chiqishi eronlik bo‘lgan amerikalik tadbirkor Mehrdad Moayediga sotgan.
Moayedi uzoq vaqtdan beri Respublikachilar partiyasi va Trampning homiysi sifatida tanilgan. 2019–2020-yillarda u o‘sha paytdagi AQSH prezidentining saylovoldi kampaniyasiga 250 ming dollar sarmoya kiritgan. Umuman olganda, tadbirkor respublikachilarning turli ehtiyojlari uchun millionlab pul sarflagan.
Ommaviy axborot vositalari samolyotning sotilishini Tramp katta yuridik xarajatlar sharoitida duch kelgan qiyinchiliklar bilan bog‘laydi. Sobiq prezident tuhmat va firibgarlik ayblovlari bo‘yicha faqat ikkita jarimaga 200 million dollar sarflagan. Shuningdek, siyosatchi unga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi advokatlarning katta jamoasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Tramp hanuzgacha o‘zining ismi tushirilgan Boeing 757 samolyotiga egalik qiladi. May oyida mazkur samolyot boshqa uchoq bilan to‘qnashib ketgandi.
Izoh (0)