Samarqand tumanida isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygan do‘kon fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departament, DXX va IIVning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Samarqand tumani “O‘zbekkenti” MFY hududidagi “X.S.” oilaviy korxonasining savdo do‘konida hech qanday hujjatsiz umumiy qiymati 403 million so‘mlik 49 turdagi jami 11 054 dona, shundan 5 230 donasi qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)