Gruziya 2030-yilda Abxaziya va Janubiy Osetiyani o‘z tarkibiga qaytarmoqchi va Yevropa Ittifoqiga aʼzo bo‘lmoqchi. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze xabar berdi.
Bizning, gruziyaliklarning orzusi – 2030-yilgacha abxaz va osetin birodarlarimiz bilan birlashgan va kuchli Gruziyada yashash. Birlashgan va kuchli Gruziya 2030-yilda Yevropa oilasining to‘laqonli a’zosiga aylanishi kerak, — deydi Kobaxidze X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
Bosh vazir o‘z postida, shuningdek, mamlakat ichida va xorijda istiqomat qilayotgan Gruziya fuqarolarini Mustaqillik kuni bilan tabriklagan.
Kobaxidze avvalroq mamlakat 2030-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga boshqa nomzod davlatlarga qaraganda ko‘proq tayyor bo‘lishini aytgan edi. Shu bilan birga, Gruziyadagi xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bilan bog‘liq so‘nggi voqealardan so‘ng, Yevropa rasmiylari mamlakat demokratik yo‘ldan og‘ishsa, Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvi to‘xtatilishi haqida yozgan.
2023-yil dekabrida Yevropa Ittifoqi Gruziyaga aʼzolik nomzodi maqomini bergan va YIga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun to‘qqiz bosqichni belgilab bergan.
Izoh (0)