Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida tadbirkorning mulkini o‘zlashtirgan mutaxassis aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda fuqaro S.R. “U.M.” MCHJning mahsulotlarni qabul qilish va tayyorlash bo‘limi mutaxassisi vazifasida ishlab kelib, tanishi A.T. bilan 9 turdagi texnika mahsulotlarining shtrix kodini qalbaki mahsulotlarning shtrix kodiga o‘zgartirib, yaqin qarindoshlari nomiga ochilgan profillar orqali umumiy qiymati 146,7 million so‘mlik mahsulotlarni 17,8 million so‘mga sotib olib, tadbirkorning mulkini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Sirdaryoda tadbirkorning traktorini 240 mln so‘mga sotib yuborgan ishchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Qashqadaryoda korxonani qasddan bankrotlikka olib kelish holati aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)