Hindistonda bortida 179 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Air India Express kompaniyasining Airbus A320 samolyotida yong‘in chiqdi. Bu haqda Times of India xabar berdi.
Samolyot 20-may kuni Bangalordan Kochiga parvoz qilayotgan bo‘lgan. Havoga ko‘tarilganidan 10 daqiqa o‘tgach, dvigatellardan biri yonib ketgan. Samolyot aeroportga qaytib, favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan. Barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.
Ta’kidlanishicha, bu oxirgi bir necha kun ichida Air India bortida sodir bo‘lgan ikkinchi yong‘in. 17-may kuni aviatashuvchining Bangalorga yo‘l olgan samolyotlaridan biri yong‘in chiqishi haqida ogohlantirilgandan so‘ng Dehliga qaytgandi.
Aviakompaniya so‘nggi favqulodda holatga izoh berar ekan, hodisa natijasida yo‘lovchilar jabrlanmaganini ma’lum qildi.
“Yong‘in sabablarini aniqlash uchun vakolatli davlat organlari bilan birgalikda chuqur tekshiruv o‘tkaziladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Bangalor aeroporti vakiliga ko‘ra, “to‘liq miqyosda favqulodda holat e’lon qilingan, samolyot qo‘ngandan so‘ng yong‘in tezda o‘chirilgan”.
Eslatib o‘tamiz, 19-may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokat natijasida halok bo‘ldi. Mamlakat shimoli-g‘arbida Eron prezidenti va tashqi ishlar vaziri bo‘lgan vertolyot halokatga uchragandi.
Kuchli tuman va tog‘li hudud tufayli halokatga uchragan vertolyotni qidirish 10 soatdan ortiq davom etgan. Mutaxassislar fikricha, falokat texnik nosozlik yoki inson omili tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Raisiy vafoti munosabati bilan Eronda besh kunlik motam e’lon qilingan. Eron prezidentining dafn marosimi 23-may kuni Mashhad shahrida bo‘lib o‘tadi. Muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28-iyunga belgilangan.
Izoh (0)