Turkiya parlamentining raqamli media komissiyasi rahbari Husayn Yayman TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklash haqida xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqni bloklash ehtimoli uning “turk oilasi poydevoriga putur yetkazayotgani” bilan bog‘liq. Turkiya parlamentida nutq so‘zlagan Yayman Turkiyaning siyosiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan “troller” xavfi haqida gapirgan. Ijtimoiy tarmoq vakillari avvalroq Turkiya parlamenti a’zolariga javob qaytargan, biroq turk rasmiylarini bu javoblar qoniqtirmagan.
TikTok AQSHda taqiqlangan edi, Turkiyada ham tarmoq qonunchilik bilan cheklanishi mumkin, — dedi Yayman.
Shuningdek, u X ijtimoiy tarmog‘ini yuzaga kelgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish uchun Turkiyaga o‘z vakilini yuborishga chaqirgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi hududida TikTok bloklanishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Shuningdek, TikTok 2022-yilning mart oyida “Rossiya armiyasi haqida soxta xabar tarqatganlik” uchun jinoiy javobgarlik joriy qilinganidan keyin Rossiyada o‘z faoliyatini cheklagandi. O‘shandan beri rossiyalik foydalanuvchilar yangi kontentni jonli efirga uzatish, joylash yoki ko‘rish imkoniga ega emas.
Qirg‘izistonda esa TikTok allaqachon bloklangan. Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligi aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati aloqa operatorlariga TikTok xizmatiga kirishni cheklash choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida xat yuborgan.
Izoh (0)