Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
8-may kuni muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Jaloliddin Hamroqulov o‘rniga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayinlandi.
Jaloliddin Hamroqulov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari lavozimida 2023-yilning yanvaridan buyon ishlab kelayotgandi.
Zayniddin Eshonqulov 1976-yilda tug‘ilgan. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Shuningdek, Misr Arab Respublikasidagi “al-Azhar” universiteti malaka oshirish kursini o‘tagan.
U mehnat faoliyati davomida Toshkent shahridagi “Hofiz Ko‘hakiy”, “Imom Buxoriy” jome masjidlarida imom-xatib va O‘zbekiston musulmonlari idorasida turli vazifalarda xizmat qilgan. 2014-yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi va Payariq tumani “Imom Buxoriy” masjidi imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.
Izoh (0)