Nigeriyada 25-aprel kuni 100 nafardan ortiq xavfli mahbuslar kuchaytirilgan tartibdagi qamoqxonadan qochib ketishga erishdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, hodisa Suleja qamoqxonasida ro‘y bergan. Hududda kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelishi oqibatida qamoqxona binosi jiddiy shikastlangan. Natijada esa undagi mahbuslarning 118 nafari qochib ketgan.
Rasmiylarga ko‘ra, hozirga qadar ozodlikda yurgan mahbuslarning 10 nafari qamoqxonaga qaytarilgan. Qolganlarga nisbatan esa qidiruv eʼlon qilingan.
“Xavfsizlik agentliklari bilan birgalikda biz hozirgacha qochgan 10 ta mahbusni qo‘lga oldik va ularni qaytarib olib keldik, qolganlarini esa qo‘lga olish uchun qizg‘in taʼqib qilyapmiz”, — deyiladi Abujadagi qamoqxona maʼmuriyati bayonotida.
Suleja qamoqxonasi Nigeriya poytaxti Abujadan 50 km masofada joylashgan. U mustamlakachilik davrida qurilgan bo‘lib, eskirgan va zaif bino va inshootlardan tarkib topgan.
Ikki yil oldin ham Abuja atrofidagi boshqa qamoqxonadan 400 dan ortiq mahbus qochib ketgani xabar qilingan edi. Bunga terrorchi guruhning qamoqxona binosiga uyushtirgan hujumi imkon yaratib bergan. O‘shanda yuz bergan otishmalar oqibatida 4 nafar mahkum, bir nafar qamoqxona qo‘riqchisi va bir nechta terrorchi halok bo‘lgani aytilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2020-yildan beri Nigeriyada jami 5000 nafardan ortiq mahbus qamoqxonalardan qochishga erishgan.
Izoh (0)