Avstraliyaning g‘arbiy qismida qirg‘oqqa chiqib qolgan 100 dan ortiq kitlar o‘limdan qutqarib qolindi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Dengiz jonivorlarini qutqarish bo‘yicha operatsiya 25-aprel kuni tush paytida boshlangan. Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashkilotlar xodimlari kitlarni dengizga qaytarishga erishgan.
Qutqaruv guruhlari kitlarga yordam berish uchun Pert shahri janubidagi Dansboro sohilida to‘planishgan. Qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan Geographe Marine Research guruhi rahbari Yan Vizning aytishicha, sohilda “g‘aroyib manzara” yuzaga kelgan. Sohildagi jonivorlarni ko‘rish uchun yuzlab kuzatuvchilar kelgan.
G‘arbiy Avstraliyaning milliy qo‘riqxonalar va yovvoyi tabiat xizmati departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, jami 160 ta kit qirg‘oqqa chiqib qolgan. Ulardan jami 130 tasi dengizga qaytarilgan. Kamida 28 ta kit halok bo‘lgan.
“Sohilda yuzlab kitlarning to‘planganini ko‘rganimda mening dastlabki munosabatim juda hayratlanarli bo‘ldi. Bu haqiqatan ham xaotik hodisa”, — degan qutqaruv operatsiyasi qatnashchilaridan biri.
Mutaxassislar kitlarning sohilga chiqib qolishi bilan bog‘liq holatni okean suvi harorati o‘zgarishi omili bilan bog‘lagan.
Izoh (0)