Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 59 yoshli U.T. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, o‘zining nomiga nomaʼlum sabablarga ko‘ra onlayn kredit olinib, pullari o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 24 yoshli I.S. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, jabrlanuvchi U.T. gumonlanuvchi I.S.dan “TBS bank” ilovasi orqali onlayn mikroqarz olib berishini iltimos qilgan va U.T.ning nomidan mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tib, 8 mln 099 ming so‘m onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘sha vaqtning o‘zida pullarni o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan va unga “Sizga kredit berishmadi” deb aldagan.
Bundan xabar topgan, jabrlanuvchi U.T. I.S. bilan uchrashib, nima sababdan bunday qilganligi aytib pullarni qaytarishni so‘raganida I.S. uning nomiga olgan kreditini yopib berishini aytib, bank kartasini olib, U.T.ning nomiga “Asaka bank” mobil ilovasi orqali 20 mln so‘m takroran onlayn kredit olib, jami 28 mln 099 ming so‘m pullarni talon-toroj qilganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan I.S.ga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)